14 November 2015

Tejon - ilmiy tadqiqotlar shahri

Yaqin o'tmishda Tejon(Koreya) shahriga konsert bahona sayohatda bo'lish imkoniyatidan foydalandim va bir olam taasurotlar bilan qayttim. Bugun shularning bir qismini shu postimda yozmoqchiman.



Sarguzashtlar avtobus terminalidan boshlandi desam to'g'ri bo'ladi. Koreyada avtobuslarning aniq vaqt bilan yurishini judayam yaxshi ko'rardim, ammo o'sha kuni avtobusga sherigim bilan chiqib yuklarni joylashtirdik va man nonushtaga biror nima olib chiqishga tushdim avtobus ketishiga 5 daqiqa qolgan edi. Yegulik olib avtobusga chiqishga 20 sekundgina kech qoldim, ammo shu 20 sekund keyingi avtobusni kutishimga majbur qildi. Eng a'lam qilgani haydovchi do'stim "sherigim kelyapti iltimos bir daqiqa kutaylik" - degan so'zlariga e'tibor ham bermaganligi bo'ldi.

Ammo hammasi ham yaxshilikka deb pozitiv kayfiyatda yaxshilab ovqatlanib keyingi avtobusga ilinib Tejonga yetib oldim.

Tejonga borishdan bir kungina oldin uning Koreya ilm, tadqiqot va rivojlanishda yuqori o'rin tutishi haqida maqolalar, videobloglar va faktlarni ko'rib chiqqandim. Tasavvurimda shaharda hamma professorlar va katta ko'zoynakli fan odamlari yashaydigandek edi. Hammasidan ham Tejon shahri saytida ko'rsatilgan ma'lumotlar manga yoqti. Hokimlik saytining ochiqligi va dizayni uchun na'munaviy sayt qilib olsa bo'ladi menimcha.

539.85 km kv. maydonli bu shaharda bir yarim milliondan kishi istiqomad qiladi va shu bilan Koreyaning eng katta 6 shaharlari qatorida 5 - o'rinni egallab turibdi. Bu kichik maydonda 30 ta davlat tadqiqot intitutlari, 19 ta universitet, 400 ta xususiy tadbirkorlik ilmiy tadqiqot va rivojlantirish institutlari joylashgan. 19 ta universitetlar qatorida Koreyada va dunyoda yuqori o'rinlarni egallagan KAIST, UST, Koreya politexnika universiteti, Chungnam Universitetlar ham joy egallagan. Bu universitetlar yiliga 35 mingdan ortiq bitiruvchilarga diplomlarini topshirishadi. Ularning 12% fan doktorlaridir. Juda ham katta sonlar, shunday emasmi? Xullas sayohatim davomida shu oliygohlarning birini ham ziyorat qilish istagi tug'ildi.

Shaharga avtobusda kirib borishingiz bilan juda ham kichik yo'laklardan o'ta boshlaysiz. Shunday kichik ko'chalarning birida avtobus terminali joylashgan. Koreyada odatda avtobus terminallari, poyezd bekatlari kengroq va kattaroq joylarda joylashgan, ammo bu shahar terminali bu qoidani buzib turadi.


Terminaldan uzoqlashib, boshqa ko'chaga chiqa boshlashingiz bilan shahar haqiqatda TOP 5 city ga munosib shahar ekanligini tushuna boshlaysiz, ko'chalar toza, keng,  har bir ko'chalarda har xil haykallar va san'at ishlanmalarini ko'rasiz. Eng ko'p ko'zga tashlanadigan narsa esa bu mehmonxona, biznes markazlar va turli xil kompaniyalarning offislaridir.



Trip advisor bu yerning bozori boshqacha, ko'rishga arziydigan joy deb tavsiya bergandi. Vaqtni bekorga sarflamay sherigim birinchi manzilni aylanib chiqquncha,  ikkinchi manzil - shu dehqon bozori tomon yo'l oldim. Yo'l yo'lakay Solbridj xalqaro biznes maktabiga ko'zim tushdi. Obro'si savlatiga mos bu maktabning har yili o'rta osiyodan o'nlab talabalarni o'z bag'riga qabul qiladi. O'zbekistonlik bitiruvchilarini hozirda yetakchi biznes kompaniyalar va yuqori davlat tashkilotlarida ko'rishimiz mumkin.


Bozor atrofidagi ko'rinish. Agar shaharga poyezd orqali yetib olsangiz, bekatdan chiqishingiz bilan shu yerni ko'rishingiz mumkin.


Tezyurar poyezd yo'llaridan birining o'rta sektori aynan shu yerga to'g'ri kelganligi sababli bu yerda poyezd vokzalidan tashqari yonida yana 2-3 ta temir yo'l va ekspres temir yo'l boshqarma(offis)lari joylashgan.

Bir qaraganda Koreyaning hamma shaharlari bir xil. Ulardagi ranglar ko'rinishlar bir-birini takrorlaydi. Shunday bo'lishiga qaramay ularda qanday farqni topish mumkin. Masalan boshqa shaharlarda yo'l bo'yida, bozor atroflarida va ba'zida bozorning ichida ham sotuvchi xolalarning narlarni yerga qoyib sotishini ko'rmaysiz.


Rasmdagi sariq meva/sabzavotlarni nimaligini bilasizmi?


Odatda Koreyada haydovchilar bir-birlariga juda toqatli va sabrli bo'lishadi. Ko'chalarda signal tovushini deyarli eshitmaysiz ham, kichik xatolari uchun tushvolib yo'l o'rtasida janjal qilishniku umuman. Tejon odamlari esa haqiqatda boshqacha odamlarga o'xshaydi bu yerda birinchi marta shunday manzarani guvohi bo'ldim.


Bozorni ko'rdim, u yerda ajralib turadigan narsalar ko'pam ko'zga tashlanmadi, shunchaki o'zimizni Buxorodagi Kolxoz bozorni eslatadi. Bu tiqilinch ko'chani tark etib keyingi nuqta SongchonDong tarixiy majmuasida sherigim bilan uchrashishga kelishdik.


Bu yerga kelish uchun esa markaziy ko'chadan aholi yashash punktlari tomon naqd bir soat avtobusda vaqt o'tkazdim. Bu joy ketkazgan vaqtimga arzir ekan. Atrofi ko'p qavaqtli aholi turar joy binolari bilan o'ralgan bu tarixiy majmuacha juda ham osoyishta edi.



Uzoq o'tmishdan saqlanib qolgan Koreys uy va saroylarini har joyda ham topish qiyin. Ketma-ket urushlar sil-silasida yog'ochdan qurilgan bu binolar askarlar tomonidan yoqib yuborilavergan. Rasmdagi bino bir savdogarning hovligi ekan, hovli uzog'i bilan 6-7 sotix keladi. Tasavvur qiling boylar ham avvaldan kichik hovlilarda yashashgan ekan, oddiy odamlarniku endi qoyaverasiz. Shu kichik maydonchaga o'zimizning eski hovlilardek ichki va tashqi hovlilarni sig'dirishga erishishgan.


Bu joylarni ko'rib Tangemga zug'm o'tkazgan Beka Choyning akasi, saroqy amaldori esimga tushib ketti. U yerdagi g'arq pishib turgan xurmoni ko'rib esa jannamakon o'lkamizning bog'lari, mevalari ko'z oldimga keldi.

Bu yerdan chiqib sherigimiz bilan yo'limizni ayro qilishimizga to'g'ri keldi. Sherigim rejalashtirganimizdek konsertga ketti, man esa KAIST universitetida ko'proq vaqt o'tkazish uchun u yerga ertaroq borishga qaror qildim, undan tashqari mani u yerda ekskursiya tashkillashtirishni va'da  qilgan do'stlarim hamkutib qolishayotgan edi. Yo'l-yo'lakay yana shaharni tomosha qilib ketdim.



Sayohatdan oldin ko'p joylarga borishni rejalashtirgandik, ammo avtobusda ko'p vaqt sarflab qo'yganligimiz sababli hammasiga ham ulgurolmadik. Koreyada yakshanba kunlari transport qatnovi ish kunlarigidan farq qilishini va tanlangan joylar shaharning har xil burchaklarida joylashganligini inobatga ololganimizda "Tejon san'at va madaniyat uyi" hamda "Ilmiy EXPO park" ni ham ziyorat qilish qiziqarli bo'lardi nazarimda.

Lekin bu mani hech ham xafa qilmadi, chunki Koreyadagi ikkinchi o'rinda turadigan, 2015-yilda jahon robot tayyorlash musobaqasida 1-o'rinni egallagan universitet, KAIST tomon qarab ketayotgandim. Oliygoh haqidagi rasm va fikrlarim ham bir dunyo, keling ularni keyingi maqolada yoza qolaman.

(20-Noyabrda Dejon deb yozilgan joylari Tejon deb o'zgartirildi.)

Telefonimning zaryadi tugaganligi sababli ko'p rasmga olomadim va maqolada menga tegishli bo'lmagan ba'zi rasmlarni ishlatdim.

No comments:

Post a Comment