21 November 2015

KAIST universitetiga sayohatcha

Ushbu postda Koreyadagi 2-o'rinda turadigan KAIST (Korea Advanced Institute of Science and Technology) oliygohiga sayohatim va u yerda ko'rgan bilganlarim haqida qisqacha ma'lumot yozmoqchiman.


Hozirda o'n mingdan ortiqroq talabani o'z bag'riga oladigan bu oliygoh 1971-yilda tashkil etilgan. Tashkil etilishidan boshlab oliygoh Koreya ta'lim an'analari va Amerikacha ta'lim usullarini o'zida mujassamlashtirishi rejalashtirilgan va bunga to'laqonli erisha olishgan deb o'ylayman. Oliygoh hovlisiga kirib borishim bilan shunday aurani sezish qiyin emas.

Asosiy darvozadan kirib borishingiz bilan hamma yoq yam-yashil, gazonlar, kichik tog'cha, sun'iy ko'l va favvora o'zingizni erkin his qilishingizga yordam beradi.

Birinchi bo'lib ko'zga tashlangan bino bu KAIST startap akseleratori bo'ldi. Universitetning o'z akseleratori borligi mani hayron qoldirdi, manimcha Koreyadagi boshqa universitetlarda bunaqasi yo'q. Akseleator ichkarisi juda qulay va shinam jihozlangan, bir guruh talabalar kompyuterlarida ijod bilan bank, yana bir guruhi sxematexnik detallardan nimalardir yig'ib o'tiribdi, boshqa bir guruhi esa nimalarnidir maslahatlashib o'zaro ideya almashish bilan bandlar. Bino ichida tekin pechenielar ham berishadi deyishdi, ammo man borganimda tugab bo'lgan ekan shekilli. Binoda akseleratordan tashqari foydalanishga erkin topshiriladigan laboratoriyalar ham mavjud ekan. Afsuski telefonimning quvvati kamligi tufayli binoni rasmga ololmadim.

Akselerator binosi derazalaridan esa hashamatli ko'rinishidan mehmonxonaga o'xshash bino qad rostlab turibdi. Universitet ichida mehmonxona nima kerak ekan deb o'yladim birinchi.


Adashibman, bu bino convergence binosi ekan, ya'ni turli fan-yo'nalishlarining o'zaro birlashishi. Masalan UZI apparatidan olinadigan ma'lumotlar asosida odam ichki a'zosini 3D modelini tuzish masalasini hal qilishda software engineering va meditsina mutaxasislarining birgalikda ishlashlari bu convergence bo'ladi.

Mutaxasislar boshqa laboratoriyalar bilan aktiv hamkorlikni yo'lga qo'yishlari uchun bu yerda turli xil yo'nalishda ishlovchi ilmiy laboratoriyalar jamlanmasi tashkil etilgan.

Yuqoridagi startap akseleratori va convergence markazi Koreya ta'lim tizimi ko'zda tutilmagan narsalar bo'lib KAIST universiteti bunday qo'shimchalar bilan Amerika va Yevropa oliygohlaridan soya olgan. Bu markazlardagi talabalarning erkin muomalasi, o'zaro hamkorlik qilishlari ham Koreyslarga unchalik ham xos emas, chunki ular odatda introvert bo'lishadi va yangi muloqotlarni unchalik ham yoqtirishmaydi. Manimcha KAIST fe'l va dunyoqarashini o'zgartira olgan shekilli.


Oliygoh hovlisida talabalar tomonidan yasalgan elektormashinalarni ham ko'rishingiz mumkin. Undan tashqari oliygohning 3 ta kampusi o'rtasidan qatnaydigan avtobuslar ham to'liq elektr energiyasida yurarkan. Yana mish-mishlarga qaraganda bu avtobuslar o'zini-o'zi ta'minlarkan, ya'ni ularni elektr manbasidan zaryadlash shart emas ekan. Buni aniqlash uchun saytni titkilashga erindim rosti...


Qirol Sejong haykali va o'ziga millionlab kitoblarni sig'dirgan kutubxona.


Manga eng yoqqan joy, sport majmuasi. Sport mashg'ulotlari ko'pchiligi bepul, ba'zilari esa arzimagan pulga. Undan tashqari yana bir zo'r jihati bu yerda basseyn ham bor.


Undan tashqari kampusda oliygohning o'z kasalxonasi, konsert zali, data centre ham joylashgan ekan.

Quyidagi qizil g'ishtdan qurilgan fakultetlar o'ralarida yurganingizda Stanford universitetida yoki Garry Potter o'qigan Hogvart sehrgarlar maktabida yurgandek bo'lasiz.


Fakultetlarga keladigan bo'lsak, oliygohda turli tuman yo'nalishlar bor ijtimoiy munosabatlarni o'rganadigan fakultetlardan tortib yadroviy qurilmalarni o'rganadigan fakultetlargacha. Ammo oliygohning eng nufusli fakuktetlari bu muhandislik fakultetlaridir. Xususan robototexnika fakultetlari.

Har yili o'tkaziladigan "DARPA robotics challange" musobaqasida ko'pincha Yaponlar peshqadan bo'lib kelganidan hammamiz xabardor edik. 2015-yili KAIST universitetida yasalgan HUBO roboti bu an'anani o'zgartirib peshqadamlikni o'z qo'liga oldi, musobaqa shartlari yaxshi uddalagan robot muhandislariga 2 million dollar mukofot puli topshilirilibdi. Ramziy chek va muhandislarning boshqa robotlarini laboratoriya  eshigi oldida ko'rish mumkin.


Quyida esa HUBOning DARPAdagi bir shartni bajargan videosini ko'rishingiz mumkin.



Xullas, KAISTning o'zbek talabalari 2 soatdan ortiqroq kampus bo'ylab sayohat uyushtirishdi, ko'plab faktlar aytishdi, bularning hammasi qoyilmaqom edi, tarifga til ojiz. Bitta manga g'alati ko'ringan tomoni universitet hovlisida yuzlab qarovsiz tashlab ketilgan velosipedlar bo'ldi, lekin bunday manzarani hamma oliygohlar kampuslarida kuzatish mumkin.

Koreyaga o'qishga kelaman deganlarga agar yo'nalish topa olsa mana shu universitetni maslahat beraman. Ta'lim tili faqat ingliz tili. Fakultet va yo'nalishlar haqida esa mana bu yerdan ma'lumot olishingiz mumkin:

http://www.kaist.edu/html/en/edu/edu_030101.html

Qabul komissiyasi sahifasi:
http://www.kaist.edu/html/en/admission/admission_0201.html

Boshqa oliygohlar bilan solishtirganda bu yerda kontrakt asosida o'qish biroz qimmat bo'lishi, ammo turli xil grantlar bu masalada yordam beradi. Grantlar sahifasi: http://admission.kaist.ac.kr/international/?page_id=22
Darvoqe oliygoh sayti o'zi haqida ma'lumotlarni to'laqonli ko'rsatib bergan, istalgan savolga javob topish mumkin.

Sayohat so'ngida esa oxirgi kirgan binomiz xalqaro aloqalar bo'limi binosi bo'ldi. U yerda turli davlatlar odamlari rasmlari chizilgan. Ikkinchi qavatga chiqishingiz bilan eng ko'zga tashlanadigan joyda esa o'zbek farzandi rasmini ko'rishingiz mumkin. Rasm muallifi esa Javlonbek Juraev (rasmda).


Oliygoh bo'ylab sayohat uchun KAIST talabalari Saidakmal Akbarov va Javlonbek Juraevdan juda ham minnatdorman.

No comments:

Post a Comment