29 February 2016

Made in Uzbekistan, yohud O'zbekiston qayerda joylashgan?

20160229_012754.jpg


Koreyaga kelganimga hali ko’p muddat bo’lmagan edi, bu yerning urf-odatlari va odamlari yaxshiroq o’rganish uchun har xil klublar va hamjamiyatlarning volonterlik dasturlariga qatnasha boshladim. Bunday klub va hamjamiyatlar odatda ko’ngilli ishlar qilishga, til o’rganishga futbol o’ynash va birgalikda sayr qilib suhbat qurishga yordam berardi. Shunday hamjamiyatlar biri volontyorlari mani toqqa sayr qilishga taklif qildi.

O’sha payt haftasiga 5 kunlab offisda o’tirib ishlaydigan ishchilar, talabalar uchun toqqa chiqish kabi jismoniy harakatdan qiziqarliroq hobbi yo’qligini bilardim, ammo hech o’zim sinab ko’rmagan edim. 

Belgilangan kun yetib keldi va toqqa qarab otlandik. 10dan ortiq har xil davlat vakillaridan tashkil topgan guruhimiz oldida 2.5 kilometrlik balandlikka qarab ketgan yo’l turardi. Tog’dagi yo’laklar bo’ylab yurar ekanmiz zerikmaslik uchun har xil hikoya, voqea, afsona va latifalar bilan ko’ngilni xushlab borardik. 
Ko’zlangan joyga yetganimizga tog’ning bir tomonidan yashaydigan shahrimiz kaftdek namoyon bo’lib tursa ikkinchi tomonidan katta suv ombori ko’rinib turardi. Ajoyib manzara. Bu yerga yetib kelgunimizcha yaxshigina yo’l yurib soatni ham tush 12 dan o’tkazib qoyibmiz. Hamma o’zi bilan olib kelgan ovqatlarni o’rtaga qoyib ovqatlanish taklifi kiritildi.
Sheriklar ryukzaklardan ovqatlarni chiqarib yerga qoya boshlashdi, dasturxonda ovqatlanishga odatlangan o’zbek sifatida, tozalik uchun tagiga biror nima yoyishni taklif qildim va sumkamdan sochiqni chiqarib yerga yoydim. Shunda davradagilardan biri sochiqdagi “Made in Uzbekistan” yorlig’ini ko’rib hayratlandi, “O’zbekistonda ham ishlab chiqarish bormi?” deya g’alati savol berdi. Tabiiyki manga bu savol yoqmadi, shunday bo’lsa ham O’zbekistonimizda ishlab chiqarish yaxshi yo’lga qo’yilganligi, chiqariladigan mahsulot turlari, YaIM va boshqa shunga o’xshash bilgan ma’lumotlarimni unga ayttim. Shu zahotiyoq qolgan ma’lumotlarni internetdan ko’ra boshladi. Bir necha daqiqa izlanishlar qilib O’zbekiston to’g’risidagi hayratlarini boshqalarga ulasha boshladi va oxirida mandan boshida aytgan gapi uchun uzr so’rab bizning davlatimizni bilmaganini uni Afg’oniston bilan adashtirganini, ishlab chiqarish yo’q deb o’ylaganligi va shu bilan qattiq adashganligini aytti. 
Man esa shu o’rinda faxr bilan, iqtisodchi bo’lib shuni bilmaysanmi deya dakki berdim. Bittagina sochiq O’zbekiston to’g’risidagi soatlab aytiladigan tarixiy yoki balandparvoz gaplardan yaxshi effekt berganiga ishlab chiqaruvchilarimizga, tadbirkorlarimizga mingdan-ming minnatdor bo’ldim. Tadbirkorlarimiz ayni kunda kimligimizni, iqtisodiy darajamizni, dunyoda tutgan o’rnimizni belgilaydigan asosiy odamlar ekanligini shunda tushunib yettim.
Yaqinda blogger Varlamov o’z saytida Rossiya qanday mahsulotlarni import qilishi haqidagi maqolani chop etgandi, bunga qiziqib Atlas nashrining O’zbekiston to’g’risidagi hisobotlarini ham ko’rib chiqdim. Hisobot man uchun unchalik tushunarli bo’lmagan bo’lsada import va export muvozanadi normal darajada ekanligini ko’rish qiyin emas edi. Aynan shu muvozanat yurtimizdagi tinchlik va barqaror hayotning bir tayanchi deb bilishimiz mumkin. Shunday ekan buning uchun ishlab chiqaruvchi va tadbirkorlarimizga o’z minnatdorchiligimni bildiraman.

No comments:

Post a Comment